58 ta mikro GES qurilishi uchun xususiy investitsiyalar jalb qilinadi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning hozirgi gidroenergetika quvvatlarini 1 GVtga oshirish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan muhokama o‘tkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Asosiy mavzu tunu-kun elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan gidroelektr stansiyalar haqida bo‘ldi. Hozir GESlar yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Oxirgi yillarda 15 ta yangi qurilish va 12 ta GESni modernizatsiya qilish hisobiga Oʻzbekistonda gidroenergetika quvvatlarining umumiy hajmi 260 MVtga oshib, 2,1 GVt ga yetdi. Hisob-kitoblarga ko’ra, uni yana 1 GVtga oshirish mumkin.
Prezident Pskem, Norin va Toʻpalang daryolari uchastkalarida 36 ta oʻrta va yirik gidroelektr stansiyalarni loyihalashtirish boʻyicha topshiriq berdi. 9 MVt quvvatga ega 26 ta mikro GES qurilishida xususiy sektor ishtirok etadi.
Shuningdek, Katta Andijon kanalida 23 MVt quvvatga ega 3 ta GES, Tulang daryosida esa 16 MVt quvvatga ega bitta GES quriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik hududlari, ijtimoiy soha obyektlari va turar-joy binolarida quvvati 1,7 GVt bo‘lgan quyosh batareyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot Toshkent atrofida quvvati 2,4 GVt bo‘lgan to‘rtta fotoelektr stansiya qurilishi haqida yozgan edi.