Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichi e’lon qilindi
Tender g‘olibi loyihani moliyalashtirish, qurdirish va ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda shartnoma muddati oxirida stansiyani qoldirishi yoki buzib, yerni asl holiga qaytarishi kerak bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istonda 200 MVt quvvatga ega shamoldan elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda energiya saqlash tizimi loyihasini amalga oshirish uchun investor tanlash bo‘yicha tenderning takliflar so‘rovi (RFP) bosqichi boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi shamol va akkumulatorlarni moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurdirish, ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish va shartnoma muddati oxirida stansiyani qoldirib ketish yoki buzib, yerni asl holiga qaytarishi lozim bo‘ladi.
Shamol elektr stansiyasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida qad rostlaydi.
Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi, malaka tanlovi 2022-yil aprel oyida boshlangandi.
Tenderning bu bosqichida birinchi bosqichdagi saralashdan o‘tgan kompaniyalar o‘zlarining texnik, tijoriy va tarif takliflarini taqdim etishadi (ishtirokchilar ro‘yxati alifbo tartibida):
1. “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar” (BAA)
2.»ACWA Power Company» (Saudiya Arabistoni)
3. “Concord New Energy Group Limited” (Gonkong)
4. “China Datang Overseas Investment Co. Ltd.” (Xitoy) va “Goldwind International Holdings” (HK) Limited (Gonkong) kompaniyalari konsorsiumi
5. “EDF Renouvelables S.A.” (Fransiya)
6. “Eksim Enerji Anonim Şirketi” (JSC Eksim Enerji) (Turkiya)
7. “ReNew Vyan Shakti Private Limited” (Hindiston)
8. “Universal Energy Co. Ltd.” (Xitoy)
9. “Voltalia SA” (Fransiya)
Tanlov ishtirokchilari o‘z takliflarini 2023-yil 29-iyul, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha taqdim etishlari so‘raladi. Lekin tanlov davomida ishtirokchilarning murojaatlariga ko‘ra, muddat hammaga uzaytirib berilishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida yozgandi.
Qiymati $2,4 mlrdga teng bo‘lgan mazkur loyiha Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha orqali yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va natijada yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.
Stansiyada 300 MVt/550 MVt-soat elektr saqlash kimyoviy batareyalari o‘rnatiladi. Ushbu batareyalar shamol turbinalaridan chiquvchi o‘zgaruvchan elektr energiyasini rostlab beradi.